Job 12
Ayubning toʻrtinchi nutqi: hammaga mazax boʻlgani haqida
1Ayub shunday deb javob berdi: 2“Ha, sizlar hammaning oʻrniga gapirasizlar, toʻgʻrimi?Oʻlsangiz, donolik ham siz bilan birga oʻlsa kerak–a?!
3Men ham bir–ikkita narsa bilaman,
Sizlar mendan ustun emassizlar.
Sizlar aytayotganlarni kim ham bilmas ekan?!
4Men Xudoga iltijolar qilyapman.
Uning javob berishini kutyapman.
Doʻstlarim esa ustimdan kulaveradilar.
Solih va aybsiz boʻlsam ham, hammaga mazax boʻlib qoldim.
5Betashvish yurganlar kulfatga takabburlik bilan qaraydilar.
Falokatni qoqilayotganlarning taqdiri deb biladilar.
6Oʻgʻrilarning chodirida ham tinchlik hukmron,
Xudoning gʻazabini keltiradiganlar ham xavf–xatarsiz yuribdi.
Goʻyo ular «gah» desa, Xudo qoʻliga qoʻnadi! ▼
▼ Goʻyo ular «gah» desa, Xudo qoʻliga qoʻnadi! — yoki Ular oʻz xudosini qoʻlida koʻtarib yuradi. “Oʻz xudosi” deganda bu odamlar ishongan but yoki qilich nazarda tutilgan.
7Mana, hayvonlardan soʻranglar,
Ular sizlarga oʻrgatadilar.
Osmondagi qushlardan soʻranglar,
Ular sizlarga aytib beradilar.
8Yerdan soʻranglar, u sizlarga yoʻl–yoʻriq koʻrsatadi.
Dengizdagi baliqlar sizlarga tushuntiradilar.
9Mana shu jonzotlarning orasida qaysi biri
Hammasiga Egamiz sababchi ekanini bilmaydi?!
10Har bir jonivorning hayotiyu
Insonlarning nafasi Uning qoʻlidadir.
11Ogʻiz ovqatning taʼmini biladi.
Xuddi shunday qilib, quloq ham eshitgan soʻzlarini sinab koʻrishi kerak–ku?!
12Aql–idrok uzoq umr koʻrgan odamlarda,
Donolik keksalarda boʻladi.
13Lekin haqiqiy donolik va qudrat Xudodadir.
Maslahat va aql–idrok Unga tegishlidir.
14Agar Xudo nimanidir buzsa, qayta qurib boʻlmaydi,
Agar U qamab qoʻysa, hech kim qochib keta olmaydi.
15Agar U yomgʻirni ushlab tursa, yer choʻlga aylanadi.
Suvlarni qoʻyib yuborsa, yer yuzini suv bosadi.
16Kuch va zafar Xudoga tegishli!
Yolgʻonchiyu aldanganlar ham Uning qoʻlida!
17U maslahatchilarni qip–yalangʻoch qilib qoʻyadi,
Hakamlarni ham aqldan ozdiradi.
18Xudo shohlarning ham toʻnlarini yechib tashlaydi.
Ularni qul qilib, bellariga arqon bogʻlab qoʻyadi.
19Ruhoniylarni ham qip–yalangʻoch qilib qoʻyadi,
Mustahkam oʻrnashganlarni Xudo agʻdarib tashlaydi.
20Ishonchli maslahatchilarni tildan qoldiradi,
Oqsoqollarni esa idrokidan mahrum qiladi.
21Shahzodalarning ustidan sharmandalik yogʻdiradi,
Kuchlilarning qurol–aslahalarini tortib oladi.
22Xudo zulmatning eng yashirin joylarini ochadi,
Tim qorongʻiliklarni ham yoritadi.
23Xalqlarni yuksaltiradi–yu, yana Oʻzi ularni halokatga duchor qiladi,
Xalqlarni koʻpaytiradi–da, keyin ularni tarqatib yuboradi.
24Yer yuzidagi yoʻlboshchilarni aql–zakovatdan mahrum qiladi,
Ularni soʻqmoqsiz choʻllarda sargardon qilib qoʻyadi.
25Nursiz bir qorongʻilikda ular paypaslanib yuradilar.
Xudo ularni mast odamday qilib qoʻyadi,
Ular dovdirab yuradigan boʻlib qoladilar.
Copyright information for
UznUzbL