‏ Joshua 9

Givonliklar Yoshuani aldashadi

1Iordan daryosining gʻarb tomonida turadigan barcha shohlar Yoshuaning gʻalabalari haqida eshitishgan edi. Ular qirlarda, qirlarning etaklarida, butun Oʻrta yer dengizi
Oʻrta yer dengizi — ibroniycha matnda Buyuk dengiz.
qirgʻogʻi boʻylab, to shimoldagi Lubnongacha boʻlgan joyda yashaydigan Xet, Amor, Kanʼon, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarining shohlari edilar.
2Oʻsha shohlar oʻz qoʻshinlarini birlashtirib, Yoshua va butun Isroil xalqiga qarshi jang qilishga toʻpladilar.

3Ammo Givon
Givon — Ay shahridan qariyb 10 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan shahar.
aholisi Yoshuaning Yerixo va Ay shaharlarini nimalar qilgani haqida eshitib,
4ayyorlik bilan ish tutdi. Ulardan bir nechtasi yoʻlga tayyorgarlik koʻrib
…yoʻlga tayyorgarlik koʻrib… — yoki …oʻzlarini elchi qilib koʻrsatmoqchi boʻlib….
, oʻz eshaklariga eski xurjunlarni va yirtilib yamalgan eski meshlarni yukladilar.
5Oyoqlariga eski, yamalgan oyoq kiyimlar, ustilariga esa juldur kiyimlar kiyishdi. Ular olgan nonlarning suvi qochib, mogʻor bosgan edi. 6Ular Gilgaldagi qarorgohga
Gilgaldagi qarorgoh — 4:19 ga va oʻsha oyatning ikkinchi izohiga qarang.
borib, Yoshua va butun Isroil xalqiga:

— Biz juda ham olis bir yurtdan keldik, biz bilan sulh tuzinglar, — deyishdi.
7Ammo Isroil xalqi Xiv xalqidan boʻlgan bu odamlarga
Xiv xalqidan boʻlgan bu odamlar — Givon shahridan edilar. Egamiz Xiv xalqini boshqa xalqlar qatori Kanʼon yurtidan haydab yuborishni Isroil xalqiga amr qilgan edi (3:10 ga qarang).
shunday dedi:

— Balki sizlar bizga yaqin joyda yasharsizlar, biz qanday qilib sizlar bilan sulh tuzamiz?
Balki sizlar bizga yaqin joyda yasharsizlar, biz qanday qilib sizlar bilan sulh tuzamiz? — Xudoning Muso orqali bergan amriga koʻra, Isroil xalqi faqat olis yurtlarda yashaydigan xalqlar bilan sulh tuzishi mumkin edi (Qonunlar 20:10-15 ga qarang). Kanʼon yurtida istiqomat qilayotgan barcha xalqlarni esa bitta qoldirmay qirib tashlashi shart edi (Qonunlar 20:16-18 ga qarang).

8Shunda ular Yoshuaga:

— Biz sizlarning qullaringizmiz, — deyishdi. Yoshua esa ulardan:

— Sizlar kimsizlar? Qayerdan keldingizlar? — deb soʻradi.
9Ular Yoshuaga shunday deb javob berishdi:

— Biz sizning qullaringizmiz, Egangiz Xudoni deb juda ham uzoq bir yurtdan keldik. Biz sizning Xudoyingiz haqida eshitdik. U Misrda nima qilganini,
10Iordanning sharqidagi Amor xalqlarining ikki shohini — Xashbon shohi Sixoʻnni va Ashtaroʻtda yashagan Bashan shohi Oʻgni nimalar qilganini
…Sixoʻnni va…Oʻgni nimalar qilganini… — Sahroda 21:21-35, Qonunlar 2:24-3:11 ga qarang.
eshitdik.
11Shuning uchun oqsoqollarimiz va yurtimiz aholisi bizni sizlarning oldingizga yuborib: “Uzoq safarga tayyorlaninglar. Isroil xalqi oldiga yetib borgach, bizning xalqimiz ularga qul ekanligini aytib, ular bilan sulh tuzib kelinglar”, deb tayinlashdi. 12Mana, nonimizga qarang, yoʻlga chiqqanimizda issiqqina edi, endi esa suvi qochib, mogʻor bosib qolgan. 13Mana bu meshlar sharobga toʻldirganimizda yangi edi, endi esa qarang, yorilib ketgan, ust–boshimiz va oyoq kiyimlarimiz ham yoʻl uzoqligidan eskirib ketdi.

14Isroil oqsoqollari ularning oziq–ovqatlarini tekshirib koʻrdilar, Egamizdan esa yoʻl–yoʻriq soʻramadilar. 15Yoshua ular bilan tinchlik sulhini tuzdi. Jamoa oqsoqollari ularni oʻldirmaslikka qasam ichib, sulhni maʼqulladilar.

16Sulh tuzilgandan keyin uch kun oʻtgach, Isroil xalqi Givonliklar oʻzlariga yaqin joyda yashashlarini eshitib qoldi. 17Isroil xalqi yoʻlga chiqib ularning shaharlariga uch kunda yetib borishdi. Givon, Xafira, Baroʻt va Xirat–Yoʻrim
Givon, Xafira, Baroʻt va Xirat–Yoʻrim — bu shaharlar Isroil xalqining Gilgaldagi qarorgohidan qariyb 30-50 kilometr gʻarbda joylashgan.
ularga qarashli shaharlar edi.
18Ammo Isroil xalqi ularga hujum qilmadi, chunki jamoa oqsoqollari Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan qasam ichib, ularga vaʼda berishgan edi. Shunda butun jamoa mingʻirlab, oqsoqollarga nolidi. 19Oqsoqollar jamoaga shunday dedilar:

— Biz ularga Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan qasam ichib vaʼda berganmiz, endi biz ularga tegmasligimiz kerak.
20 21Mayli, yashayverishsin, ichgan qasamimizni buzib, boshimizga Egamizning gʻazabini keltirmaylik. Ammo Givonliklar butun jamoa uchun oʻtin yoruvchi va suv tashuvchi boʻlib qolsinlar.

Shunday qilib, oqsoqollar Givonliklarga nisbatan oʻz vaʼdasida qoldilar.

22Yoshua Givonliklarni chaqirib soʻradi:

— Bizga yaqin joyda yasharkansiz. Nimaga, sizlardan uzoq joyda yashaymiz, deb bizni aldadingiz?
23Shuning uchun endi sizlar laʼnatisizlar, to abad Xudoyimning uyi
Xudoyimning uyi — oʻsha davrda Isroil xalqi Xudoga sajda qilgan joy, yaʼni Muqaddas chodirga ishora.
uchun oʻtin yoruvchi, suv tashuvchi qul boʻlib qolasizlar.

24Ular Yoshuaga javob berdilar:

— Biz aniq eshitdik, Egangiz Xudo Oʻzining quli Musoga butun yurtni sizlarga berib, uning butun aholisini qirib tashlashni buyuribdi. Oʻz jonimizni oʻylab, sizlardan qoʻrqqanimizdan shu ishni qildik.
25Endi biz sizning qoʻlingizdamiz, nima toʻgʻri va nima yaxshi, deb oʻylasangiz, bizni shunday qiling.

26Isroil xalqi Givonliklarni oʻldirishiga Yoshua yoʻl qoʻymadi. 27Ammo oʻsha kuni Yoshua ularni qurbongoh va Isroil jamoasi uchun oʻtin yoruvchi va suv tashuvchi qilib qoʻydi. Egamizning qurbongohi qayerda qurilishidan qatʼi nazar, ular oʻsha vazifalarni bajaradigan boʻlishdi. Hatto bugungacha
bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.
ularning vazifasi shudir.
Copyright information for UznUzbL