Lamentations 5
Rahm–shafqat iltijosi
1Ey Egam, boshimizga tushgan koʻrgilikni yodingda tutgin,Qanchalar xor boʻlganimizni bir koʻrib qoʻygin!
2Mulk qilib olgan yerimiz ajnabiylar qoʻliga tushdi,
Kelgindilar uylarimizga ega boʻlishdi.
3Otasiz yetimday boʻlib qoldik biz,
Bevaga oʻxshab qoldi onalarimiz.
4Biz ichgan suvimizga pul toʻlaymiz,
Yoqqani oʻtinni sotib olamiz.
5Yovlarimiz taʼqib qilib, qoʻymas bizni holimizga,
Charchab ketdik, tinim yoʻq bizga.
6Toʻyguncha non yeymiz deb,
Misr va Ossuriya bilan biz sulh tuzdik.
7Ajdodlarimiz gunoh qilib, oʻtib ketdi,
Ammo ularning jazosini biz tortyapmiz endi.
8Bizga hukmronlik qilayotir qullar,
Ular zulmidan bizni kim qutqarar?!
9Non izlaymiz jonimizni qoʻyib xavf ostiga,
Chunki kallakesarlar pisib yotibdi dalalarda.
10Ocharchilik dastidan chiqqan issigʻimiz,
Tandirday qizigan bizning badanimiz.
11Gʻanimlarimiz Quddusda ▼
▼ Quddus — ibroniycha matnda Sion. 1:4 ning birinchi izohiga qarang.
ayollarni zoʻrlashdi,Yahudo shaharlarida qizlarning nomusiga tegishdi.
12Qoʻllaridan osishdi yoʻlboshchilarimizni,
Xor qilishdi oqsoqollarimizni.
13Yigitlar tegirmon toshini tortyapti,
Oʻgʻlonlar ogʻir oʻtin ostida gandiraklab qoldi.
14Shahar darvozasida ▼
▼ Shahar darvozasida… — qadimgi paytlarda oqsoqollar va obroʻli odamlar shahar darvozasi oldida yigʻilib, hakamlik vazifasini bajarardilar. U yerda turli masalalarni koʻrib chiqib, hal qilardilar.
oqsoqollar oʻtirmaydigan boʻldi,Yigitlar shodon kuylar chalmaydigan boʻldi.
15Koʻnglimizni shodlik tark etdi,
Oʻyin–kulgimiz azaga aylandi.
16Boshimizdagi tojimiz tushib ketdi,
Gunoh qildik! Shoʻrimiz quridi!
17Dardu alamga toʻldi yuragimiz,
Yigʻlayverib xiralashdi koʻzimiz.
18Axir, Sion togʻi ▼
▼ Sion togʻi — Quddusdagi Maʼbad qurilgan tepalik Sion togʻi deb atalgan. Eski Ahddagi sheʼriy parchalarda va paygʻambarlar bitiklarida Sion soʻzi koʻpincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang.
huvullab qoldi,Chiyaboʻrilar u yerda izgʻib yuribdi.
19Sen esa, ey Egam, abadiy hukmronlik qilasan,
Avlodlar osha Oʻz taxtingda oʻtirasan.
20Nechun bizni Sen tamom unutding?
Nechun uzoq vaqtga tashlab qoʻyding?
21Ey Egam, bizni Oʻzingga qaratgin,
Toki Senga qaytaylik.
Qadimgi ulugʻvorligimizni tiklagin.
22Nahotki Sen bizdan butunlay voz kechding?!
Qahru gʻazabingning had–poyoni bordir, axir?!
Copyright information for
UznUzbL