Nehemiah 5
Naximiyo kambagʻallarga yordam beradi
1Oradan bir oz vaqt oʻtgach, baʼzi erkagu ayollar oʻz yahudiy birodarlaridan qattiq noliy boshlashdi. 2Ulardan baʼzilari shunday deb aytishardi: “Biz koʻpchilikmiz, bola–chaqamiz koʻp. Bizga bugʻdoy kerak, boʻlmasa ochlikdan oʻlib qolamiz.” 3Boshqa baʼzi birlari esa shunday deb aytishardi: “Ocharchilik paytida donimiz boʻlsin deb, dalalarimizni, uzumzorlarimizni, uylarimizni garovga beryapmiz.” 4Yana birovlari shunday deb nolishardi: “Dalalarimiz va uzumzorlarimiz soligʻini shohga toʻlash uchun pulni qarzga olyapmiz. 5Yahudiy birodarlarimizdan bizning kam joyimiz yoʻq! Ularning bolalari bizning bolalarimizdan ortiq emas. Lekin oʻgʻil–qizlarimizni qul, choʻri qilib sotishga majbur boʻlyapmiz. Ha, qizlarimizdan baʼzilari choʻri qilib sotildi ham. Bu xususda biror narsa qilishga ojizmiz. Axir, dalalarimiz, uzumzorlarimiz endi boshqalarning qoʻlida.” 6Ularning dod–faryodlarini, shikoyatlarini eshitib, qattiq gʻazablandim. 7Bu toʻgʻrida mulohaza qilib, yoʻlboshchilar bilan amaldorlarni koyidim: “Sizlar hali birodarlaringizning garovga qoʻygan mulklarini tortib olyapsizlarmi?!” Soʻngra katta bir yigʻin chaqirtirib, yoʻlboshchilarga tanbeh berdim: 8“Butparast xalqlarga qul va choʻri qilib sotilgan yahudiy birodarlarimizni imkonimiz boricha qaytarib sotib oldik. Endi esa birodarlaringizning qullikka sotilishiga oʻzlaringiz sababchi boʻlyapsizlar. Ularni biz yana qaytarib sotib olishimiz kerakmi?!” Yoʻlboshchilar va amaldorlar sukut saqlab, miq etmay turaverdilar. 9Men gapimni davom ettirdim: “Bu ishingiz yaxshi emas. Dushmanlik qilayotgan xalqlarga masxara boʻlmasligingiz uchun Xudoyimizdan qoʻrqib yurishlaringiz kerak emasmi?! 10Mana, mening yaqinlarim, odamlarim, hatto oʻzim ham yahudiy birodarlarimizga qarzga pul va bugʻdoy berib turibmiz. Kelinglar, endi ularning garovga qoʻyilgan narsalarini tortib olmaylik! 11Sizlar ulardan tortib olgan dalalarni, uzumzorlarni, zaytunzorlarni, uylarni, foiz qilib olgan pullarni, donni, sharobni, zaytun moyini hoziroq oʻzlariga qaytarib beringlar.” 12Yoʻlboshchilar va amaldorlar shunday dedilar: “Aytganlaringizni qilamiz. Biz ularning hamma narsasini qaytarib beramiz, ulardan endi hech narsa talab qilmaymiz.” Men ruhoniylarni chaqirdim, bergan vaʼdalarini bajarishlari uchun yoʻlboshchilar va amaldorlarga qasam ichirdim. 13Soʻng belbogʻimni yechib qoqdim–u ▼▼ …belbogʻimni yechib qoqdim… — qimmatbaho shaxsiy buyumlar koʻpincha belboqqa qistirib qoʻyilardi. Belbogʻni yechib qoqish laʼnat belgisi boʻlib, hamma narsadan mahrum boʻlishni bildirardi.
shunday dedim: “Shu vaʼdani bajarmaganni Xudo xuddi shunday qilib qoqib yuborsin. Uni uyidan va mol–mulkidan mahrum qilsin. Xudo oʻsha odamlarni qup–quruq qoldirsin.” Butun jamoa “Omin” deb, Egamizga hamdu sanolar aytdi. Yoʻlboshchilar va amaldorlar bergan vaʼdalarida turdilar. Naximiyoning fidoyiligi
14Men Yahudo yurti hokimi etib tayinlanganim uchun xalqdan oziq–ovqat talab qilish huquqiga ega edim. Lekin hokimligimning oʻn ikki yili davomida — Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yilidan to oʻttiz ikkinchi yiligacha ▼▼ …Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yilidan to oʻttiz ikkinchi yiligacha… — taxminan miloddan oldingi 445-433 yillar. 1:1 ning ikkinchi izohiga qarang.
men xalqdan oʻzim uchun ham, qarindosh–urugʻlarim uchun ham hech qanday oziq–ovqat talab qilmadim. 15Mendan oldingi hokimlar xalqdan kuniga qirq kumush tanga ▼▼ qirq kumush tanga — ibroniycha matnda qirq shaqal kumush, taxminan yarim kiloga toʻgʻri keladi.
bilan birga oziq–ovqat va sharob ham olib, xalqning yelkasiga minib olgan ekan. Hatto hokimlarning odamlari ham xalqqa hukmini oʻtkazardilar. Men esa Xudodan qoʻrqqanim uchun shunday qilmadim. 16Buning oʻrniga men butun kuchimni devorni qayta qurishga bagʻishladim. Odamlarimning hammasi ▼▼ Odamlarim — 4:16-17 ga va oʻsha oyatlarning izohiga qarang.
taʼmirlash ishlariga bel bogʻlagan edi. Yer sotib olishga vaqtimizni sarflab oʻtirmadik. 17Mening dasturxonimdan har kuni 150 yahudiy va ularning amaldorlari taom yerdilar. Bulardan tashqari, atrofdagi xalqlardan kelgan mehmonlarning oyogʻi menikidan uzilmas edi. 18Har kungi dasturxonimga bitta buqa, oltita semiz qoʻy va bir qancha tovuqlar talab qilinardi. Har oʻn kunda mesh–mesh turli xil sharob kerak boʻlardi. Lekin xalq shusiz ham ogʻir soliqlar ▼▼ ogʻir soliqlar — Fors shohiga toʻlanadigan oʻlponga ishora (shu bobning 4–oyatiga qarang).
ostida qolib ketganini bilar edim. Shu bois men hokim sifatida talab qilishga haqim boʻlgan oziq–ovqatdan voz kechdim. 19Ey Xudoyim! Bu xalq uchun qilgan hamma ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin.
Copyright information for
UznUzbL