Proverbs 11
1Yolgʻon tarozi Egamiz uchun jirkanchdir,aniq tarozi toshlari esa Uning quvonchidir.
2Magʻrurlik bilan sharmandalik keladi,
donolik esa kamtarlar bilandir.
3Toʻgʻrilarning sofdilligi yoʻl koʻrsatsa,
xoinlarning ikkiyuzlamachiligi halok qiladi.
4Qiyomat kunida boylik foyda bermaydi,
solihlik esa oʻlimdan saqlaydi.
5Pokdilning solihligi yoʻlini toʻgʻrilaydi,
fosiq esa fosiqligi tufayli qoqiladi.
6Toʻgʻrining solihligi najot beradi,
sotqin esa yomon niyatlari tufayli tutiladi.
7Yovuz oʻlsa, orzu–umidlari ham oʻladi,
fosiqning ham xohish–tilaklari poymol boʻladi.
8Solih gʻam–gʻussadan qutuladi,
fosiq esa gʻamga duchor boʻladi.
9Imonsiz oʻz tili bilan qoʻshnisini halok qiladi,
solih esa ilm–maʼrifati tufayli najot topadi.
10Solihning ishi yurishsa, el–yurt quvonadi,
fosiq halok boʻlsa, tantana boʻladi.
11Toʻgʻri odamlar tufayli shahar gullab–yashnaydi,
fosiqning tilidan esa el–yurt vayron boʻladi.
12Qoʻshnisini kamsitgan aqlsizdir,
idrokli sukut saqlaydi.
13Gʻiybatchi sirlarni ochadi,
sodiq esa sir saqlaydi.
14Yoʻl–yoʻriq koʻrsatuvchisi boʻlmagan xalq halok boʻladi,
maslahatchilar koʻp boʻlsa, gʻalaba keladi.
15Begonaga kafillik qilgan koʻp jabr koʻradi,
kafil boʻlishdan nafratlanadigan esa tinchgina yuradi.
16Mehribon xotin izzat–hurmat topadi,
zoʻravon esa boylikdan boshqa hech narsaga erishmaydi.
17Shafqatli inson oʻz joniga manfaat keltiradi,
bagʻri tosh esa oʻziga zarar yetkazadi.
18Xudoning yoʻlidan yurganlar haqiqiy mukofotni,
fosiqlar esa yolgʻon mukofotni oladilar.
19Solihlikni koʻzlagan inson hayotga,
yomonlikni koʻzlagan esa oʻz oʻlimiga erishadi.
20Egri yurak Egamizga jirkanch,
poklarning ishlari esa Uning quvonchidir.
21Fosiq aslo jazosiz qolmaydi,
solihning esa avlodlari ham najot topadilar.
22Chiroyli, ammo farosatsiz ayol,
burniga tilla sirgʻa taqqan choʻchqa misol.
23Solihning xohishi faqat ezgulik,
fosiqning kutganlari esa qahr–gʻazabdir.
24Baʼzilarning qoʻli ochiq, ammo boyligi koʻpayaveradi.
Baʼzilar haddan tashqari tejamkor, ammo qashshoqlashaveradi.
25Saxiyning biri ikki boʻladi,
boshqalarga yaxshilik qilganning oʻzi ham yaxshilik koʻradi.
26Gʻallasini qizgʻanganni xalq qargʻaydi,
sotganlarga esa baraka yogʻiladi.
27Ezgulikka intilgan iltifot topadi,
yomonlik qidirganga esa yomonlik keladi.
28Boyligiga ishongan xonavayron boʻladi,
solih esa barg kabi yashnaydi.
29Oʻz oilasiga gʻam–tashvish keltiradiganlar meros olmaydi,
nodonlar donoga qul boʻladi.
30Solihlarning mahsuli — hayot daraxti,
oqilu donolar odamlarning yuragidan joy oladi.
31Dunyoda solih qancha taqdirlansa,
fosiq bilan gunohkor undan ham koʻproq jazolanadi.
Copyright information for
UznUzbL