Proverbs 12
1Nasihatni sevgan ilm–maʼrifatni sevadi,tanbehdan nafratlanadigan esa ahmoqdir.
2Yaxshi odam Egamizning marhamatiga sazovor boʻladi,
niyati buzuqni esa U jazoga hukm etadi.
3Inson yovuzlik bilan kamol topmaydi,
solih hech qachon oʻrnidan qoʻzgʻatilmaydi.
4Yaxshi xotin erining boshidagi tojidir,
erini uyaltiradigan xotin boshga balodir.
5Solihning fikri–zikri — adolat,
fosiqning maslahati esa yolgʻondir.
6Fosiqning soʻzi qonga tashna,
toʻgʻrining tili esa qutqaradi.
7Fosiq halokatga uchrab yoʻq boʻladi,
solihning uyi esa mustahkam turadi.
8Insonni aql–idrokiga qarab ulugʻlaydilar,
egri odam esa nafratga duchor boʻladi.
9Oʻzini katta tutib nonga zor boʻlgandan koʻra,
oddiy boʻlib xizmatkor boʻlish yaxshiroq.
10Solih hayvonga ham mehribonlik qiladi,
fosiqning rahmdilligi ham zolimlikdir.
11Yerga ishlov bergan toʻyib non yeydi,
bekor narsani koʻzlagan esa aqlsizdir.
12Fosiq yovuzlik toʻriga ilintiray deydi,
solihning ildizi yashnaydi.
13Fosiq oʻz tilidan ilinadi,
solih esa gʻamdan forigʻ boʻladi.
14Odam soʻzlari tufayli yaxshi narsaga erishadi,
mehnati uni taqdirlaydi.
15Nodon oʻz yoʻlini toʻgʻri deb oʻylaydi,
dono esa maslahatga quloq soladi.
16Nodon gʻazabini darhol bildiradi,
aqli raso esa haqoratlanganini berkitadi.
17Toʻgʻri gapiradigan haqiqatni aytadi,
soxta guvoh yolgʻon gapiradi.
18Oʻylamasdan aytilgan soʻz qilichday jarohatlaydi,
dononing gaplari esa shifo beradi.
19Rostgoʻy lablar abadiydir,
yolgʻon til esa bir lahzalikdir.
20Yomon niyat qiladiganning yuragida yolgʻon,
tinchlik oʻrnatuvchining yuragida esa quvonch bor.
21Solihga hech qanday zarar tegmaydi,
fosiq esa gʻam–gʻussadan qutulmaydi.
22Yolgʻonchi til Egamizga jirkanch,
toʻgʻrilik bilan ish qiladiganlar esa Uning sevinchidir.
23Aqlli bilimini koʻz–koʻz qilmaydi,
nodon oʻz nodonligini oshkor qiladi.
24Tirishqoq hukm suradi,
dangasa esa qul boʻladi.
25Yurakdagi qaygʻu–alam odamni ezadi,
shirin soʻz esa yurakni shod etadi.
26Solih oʻzgalarga yoʻl koʻrsatadi ▼
▼ Solih oʻzgalarga yoʻl koʻrsatadi… — yoki Solih odam doʻstlik munosabatlarida ehtiyotkordir… yoxud Xudo solih odamni ziyon–zahmatdan asraydi….
,fosiq esa yoʻldan adashtiradi.
27Dangasa oʻljasini pishirishga ham erinadi,
gʻayratli esa qimmatbaho boylikka ega boʻladi ▼
▼ …gʻayratli esa qimmatbaho boylikka ega boʻladi — yoki …gʻayratli esa oʻz mulkini yuqori baholaydi.
.28Solihlik yoʻli hayotga yetaklaydi,
bu yoʻlda oʻlim yoʻqdir.
Copyright information for
UznUzbL