‏ Proverbs 21

1Shohning yuragi Egamizning qoʻlida,
uni irmoqday xohlagan tomonga buradi.
2Odamning qilmishlari oʻzining nazarida toʻgʻri,
ammo Egamiz yuraklarni sinaydi.
3Adolatu haqiqatga amal qilish
Egamizga qurbonlikdan afzalroqdir.
4Takabbur koʻzlar va magʻrur yurak chiroq kabi fosiqning gunohini koʻrsatadi.
5Mehnatkashning rejasi faqat moʻl–koʻlchilik keltiradi,
shoshqaloq kambagʻallikka duchor boʻladi.
6Yolgʻon bilan boylik topadiganlar
chiqib ketadigan bugʻ kabidir,
ular oʻz oʻlimini izlaydi.
7Yovuzning zoʻravonligi oʻz boshiga yetadi,
chunki u adolat bilan ish qilishni rad etadi.
8Gunohkorning yoʻli — egri,
sofdilning ishi — toʻgʻri.
9Urishqoq xotin bilan keng uyda yashagandan koʻra,
loy tomning bir chetida yashagan yaxshiroq.
10Yovuzning koʻngli yomonlikka tashna,
qoʻshnisi undan rahm–shafqat topmaydi.
11Mazax qiluvchi jazolansa, sodda
sodda — 1:4 izohiga qarang.
odamlar dono boʻladi,
donoga yoʻl–yoʻriq berilsa, bilimi oshadi.
12Xudo odildir, fosiqning uyini U kuzatib turadi,
fosiqni halokatga mubtalo qiladi.
13Kambagʻalning faryodiga kim quloq solmasa,
oʻzi faryod qilganda ham hech kim javob bermaydi.
14Yashirincha berilgan sovgʻa jahlni yumshatadi,
yeng ichidagi pora gʻazabdan tushiradi.
15Adolatga amal qilish solihlarga sevinch,
fosiqlarga esa qoʻrqinchdir.
16Aql–idrok yoʻlidan chiqqanlar oʻliklar orasidadir.
17Ziyofatni sevgan qashshoqlashadi,
sharob bilan moyni yaxshi koʻrgan odam boy boʻlmaydi.
18Solihga atalgan yovuzlik fosiqning boshiga tushadi,
toʻgʻri odamning oʻrniga xoin halokatga uchraydi.
19Urishqoq va badjahl xotin bilan yashagandan koʻra,
choʻlu biyobonda yashash yaxshiroq.
20Dononing uyida yogʻ ham, eng yaxshi narsalar ham bor,
aqlsiz esa uni sarflab yuboradi.
21Toʻgʻrilik va sadoqat payida boʻlganlar
uzoq umr, solihlik va shon–shuhratga erishadi.
22Dono eng qudratli shaharga borib,
tayanch boʻlgan qalʼani ham vayron qiladi.
23Ogʻzini va tilini qoʻriqlagan
oʻz jonini tashvishlardan asraydi.
24Takabbur va magʻrurning nomi “mazaxchi”,
hamma narsani manmanlik bilan qiladi.
25Dangasaning orzusi oʻlimga olib keladi,
chunki qoʻllari ishga bormaydi.
26Dangasaning kuni badnafslik bilan oʻtadi,
solih esa ayamasdan beradi.
27Fosiqlarning qurbonligi jirkanchdir,
yovuz niyat bilan keltirilgani esa undan ham battar.
28Soxta guvoh yoʻq boʻladi,
haqiqatga quloq solgan esa qoladi.
29Fosiqning yuzi qattiq,
solih esa oʻz yoʻlini biladi.
30Egamizga qarshi donolik ham,
idrok ham, reja ham yoʻq.
31Ot jang kuni uchun tayyorlanadi,
gʻalaba esa Egamizning qoʻlida.
Copyright information for UznUzbL