‏ Psalms 118

1
Bu sano ibroniychada muvashshah usulida yozilgan sheʼrdir. Bu sanoda 22 bayt boʻlib, har bir bayt 8 oyatdan iborat. Baytning har bir oyati ibroniy alifbesining bir xil harfi bilan boshlanadi. Misol uchun, birinchi baytdagi oyatlar ibroniy alifbesining birinchi harfi bilan boshlanadi, ikkinchi baytdagi oyatlar ibroniy alifbesining ikkinchi harfi bilan boshlanadi va hokazo.
Baxtlidir yoʻllari pok boʻlganlar,
Ey Egam, Sening qonuning boʻyicha yuradiganlar.
2Baxtlidir Sening shartlaringga rioya qiladiganlar,
Butun qalbi bilan Senga intiladiganlar.
3Ular aslo nohaq ish qilmaydilar,
Sening yoʻllaringdan yuradilar.
4Oʻzing bizga amr berib,
Buyruqlarimga diqqat ila itoat eting, degansan.
5Qaniydi farmonlaringni ado etishda barqaror boʻlsam!
6Men sharmanda boʻlib qolmay, deya
Hamma amrlaringga diqqat qilaman.
7Sening odil qoidalaringni oʻrganganimda,
Toza qalb ila hamdu sano aytaman Senga.
8Sening qonunlaringni bajaraman,
Meni hech qachon tark etmagin.

9Yigit qanday qilib yoʻllarini pok saqlaydi?
Kaloming boʻyicha yashab, shunga erishadi.
10Butun qalbim bilan Senga intilaman,
Amrlaringdan ogʻishimga yoʻl qoʻymagin.
11Soʻzlaringni yuragimda asrayman,
Toki Senga qarshi gunoh qilmayin.
12Ey Egam, Senga olqishlar boʻlsin,
Farmonlaringni oʻrgatgin menga.
13Ogʻzingdan chiqqan barcha qoidalarni
Oʻz ogʻzim bilan eʼlon qilaman.
14Shartlaringga ergashib, lazzat topaman,
Goʻyo katta boylik topib xursand boʻlaman.
15Buyruqlaring haqida chuqur fikr yuritaman,
Sening yoʻllaringga diqqat qilaman.
16Farmonlaringdan lazzat olaman,
Kalomingni men unutmasman.

17Men, Oʻz qulingga yaxshilik qilgin,
Toki yashab, kalomingga itoat etayin.
18Koʻzlarimni och, toki koʻrayin
Qonuningdagi ajoyibotlarni.
19Yer yuzida musofirday yashayman,
Amrlaringni mendan yashirma.
20Jonim kuymoqda hasrat bilan,
Qoidalaringni oʻrganishni doim istayman.
21Laʼnatlangan takabburlarga,
Amrlaringdan ogʻib ketganlarga Sen tanbeh berasan.
22Haqorat, xoʻrlikni mendan uzoqlashtir,
Axir, shartlaringni doim bajarganman.
23Hatto shahzodalar toʻplanib, menga boʻhton qilsalar ham
Men farmonlaring haqida chuqur fikr yuritaman.
24Sening shartlaring menga lazzat bagʻishlaydi,
Shartlaring men uchun maslahatchidirlar.

25Jonim chiqay deb turibdi,
Vaʼdangga koʻra, hayotimni saqlagin.
26Hayotim haqida Senga aytib berdim,
Sen javob berding.
Endi farmonlaringni menga oʻrgatgin.
27Menga buyruqlaringni tushuntir,
Toki moʻjizalaring haqida chuqur fikr yuritay.
28Jonim ado boʻldi gʻam–gʻussadan,
Quvvat bergin menga vaʼdangga binoan.
29Soxta yoʻllardan meni saqlagin,
Iltifot ila qonuningni menga oʻrgatgin.
30Men sadoqat yoʻlini tanlaganman,
Qoidalaringni yuragimga jo qilganman.
31Ey Egam, shartlaringni mahkam ushlaganman,
Endi sharmanda boʻlishimga yoʻl qoʻymagin.
32Jonim bilan amrlaringni bajaraman,
Zotan, menga koʻp zakovat ato qilasan.

33Ey Egam, menga farmonlaringni oʻrgat,
Toki men ularni oxirigacha bajarayin.
34Zakovat ber menga, toki qonuningga rioya qilay,
Chin qalbimdan qonuningni bajaray.
35Amrlaring soʻqmogʻidan meni yetaklagin,
Men undan lazzat topaman.
36Yuragimni nohaq foyda tomon emas,
Oʻz shartlaring tomon burgin.
37Koʻzlarimni befoyda narsalardan qaytargin,
Vaʼdangga binoan hayotimni saqlagin
…Vaʼdangga binoan hayotimni saqlagin — Qumron qoʻlyozmalaridan va baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan. Ibroniycha matnda …Sening yoʻllaringdan yurarkanman, hayotimni saqlagin.
.
38Men, Oʻz qulingga bergan vaʼdangda turgin,
Bu vaʼdang Sendan qoʻrqadiganlar uchundir.
39Sharmandalikdan qoʻrqaman, mendan uzoq qil,
Zotan, qoidalaring ezgudir.
40Buyruqlaringga naqadar talpinaman,
Adolating bilan hayotimni saqlagin.

41Sodiq sevgingni, ey Egam, menga koʻrsat,
Vaʼdangga koʻra, menga najot ber.
42Shunda meni haqorat qilganlarga javob beraman,
Sening kalomingga umid qilaman.
43Ogʻzimdan haqiqat kalomini tamom tortib olma,
Sening qoidalaringga umid bogʻlaganman.
44Qonuningga doimo rioya qilaman,
Abadulabad uni bajaraman.
45Men ozod boʻlib yuraveraman,
Buyruqlaringni izlab topganman.
46Shohlar oldida shartlaringdan soʻylayman,
Sharmanda boʻlmasman.
47Amrlaringdan lazzat topaman,
Men amrlaringni sevaman.
48Amrlaringga izzatu sevgi koʻrsataman,
Farmonlaring haqida chuqur fikr yuritaman.

49Esla men, qulingga bergan vaʼdangni,
Sen vaʼda berib, umidvor qilgansan meni.
50Kulfatda qolganimda shu menga tasalli beradi,
Sening vaʼdang mening hayotimni saqlaydi.
51Takabbur meni tamom masxara qiladi,
Shunda ham qonuningdan yuz oʻgirmasman.
52Azaliy qoidalaringni, ey Egam, eslayman,
Bu qoidalaringdan men tasalli topaman.
53Fosiq qonuningdan yuz oʻgirgan,
Shu bois men qattiq gʻazablanaman.
54Qayerda boshpana qilgan boʻlmayin,
Farmonlaringni qoʻshiq qilib kuylayman.
55Ey Egam, tunda ham Seni eslayman,
Sening qonunlaringga rioya etaman.
56Bu menga odat boʻlgan edi,
Buyruqlaringga rioya qildim.

57Ey Egam, Sen mening xavfsizligim manbaisan,
Kalomingga itoat etaman, deb vaʼda beraman.
58Jamolingni izladim chin qalbimdan,
Mehribon boʻl menga vaʼdangga binoan.
59Yoʻllarimga diqqat qildim,
Shartlaring boʻyicha qadam bosaman.
60Men shoshilaman, kechikmasman
Amrlaringga itoat etmoq uchun.
61Fosiqlar meni arqonlar bilan bogʻlaydi,
Shunda ham Sening qonuningni unutmayman.
62Yarim tunda uygʻonib, odil qoidalaring uchun
Senga hamdu sano aytaman.
63Sendan qoʻrqqanlarga men doʻstman,
Buyruqlaringga rioya qilganlarga sherikman.
64Ey Egam, sodiq sevgingdan zamin toʻlgandir,
Farmonlaringni menga oʻrgat.

65Ey Egam, Oʻzing bergan vaʼdangga muvofiq
Men, Oʻz qulingga yaxshilik qilding.
66Menga donolik, zukkolik bergin,
Sening amrlaringga ishondim.
67Jazo olmasimdan oldin adashar edim,
Endi Sening soʻzingga itoat etaman.
68Naqadar yaxshisan, ezgulik qilasan,
Farmonlaringni menga oʻrgatgin.
69Takabbur yolgʻon soʻylab, meni qoraga chaplar,
Men esa chin qalbdan buyruqlaringga itoat etaman.
70Ularning qalbini yogʻ bogʻlagan,
Men esa qonuningdan lazzat olaman.
71Tortgan jazoim menga saboq boʻldi,
Shu orqali farmonlaringni oʻrgandim.
72Minglab oltinu kumushdan koʻra,
Yaxshidir men uchun ogʻzingdan chiqqan qonun.

73Qoʻllaring meni yaratgan, barpo qilgan,
Amrlaringni oʻrganishga menga idrok bergin.
74Sendan qoʻrqqanlar meni koʻrib, sevinsinlar,
Zotan, Sening kalomingga umid qilganman.
75Ey Egam, hukmlaring adolatliligini bilaman,
Menga jazo berganingda, Sen haq eding.
76Men, Oʻz qulingga bergan vaʼdangga koʻra,
Sodiq sevging menga tasalli boʻlsin.
77Menga shafqat qilgin, toki yashayin,
Axir, Sening qonuning men uchun lazzat.
78Yolgʻon gapirib, menga zarar qilgani uchun
Takabburlar sharmanda boʻlsin.
Men esa buyruqlaring haqida fikr yuritaman.
79Men tomon kelsin Sendan qoʻrqqanlar,
Sening shartlaringni biladiganlar.
80Farmonlaringni bitta qolmay bajaray,
Toki men sharmanda boʻlib qolmay.

81Najotingni kutib, jonim ado boʻlmoqda,
Sening kalomingdan umid qilmoqdaman.
82Vaʼdalaringni kutib, koʻzimning nuri soʻnadi,
“Qachon menga tasalli berasan?” deya soʻrayman.
83Tutunda qorayib, bujmaygan meshday
Tutunda qorayib, bujmaygan meshday… — qadimgi paytlarda suyuqlik odatda hayvon terisidan qilingan meshlarda saqlanardi. Sano ijodkori oʻzini shipda osilib, tutundan qorayib, burishib ketgan meshga qiyoslaydi. Bunday mesh yaroqsiz boʻlib, undan foydalanib boʻlmaydi.
boʻlsam ham,
Sening farmonlaringni men unutmaganman.
84Qachongacha men, quling, kutishim kerak?
Meni taʼqib qiluvchilarni qachon hukm qilasan?
85Takabburlar menga chuqur qazirlar,
Sening qonuningga ular qarshi chiqarlar.
86Hamma amrlaring umidbaxshdir.
Meni sababsiz taʼqib etarlar, yordam ber!
87Ular meni yer yuzidan yoʻq qilay, dedi,
Ammo buyruqlaringni men tark etmadim.
88Sodiq sevging haqi saqla hayotimni,
Toki ogʻzingdan chiqqan shartlarga rioya qilay.

89Kaloming, ey Egam, to abaddir,
U samolarda mustahkam turadi.
90Sening sadoqating nasllar osha davom etadi,
Yerni barqaror qilgansan, u to abad turaveradi.
91Qoidalaring tufayli
Yeru osmon bugun ham mustahkamdir,
Butun olam qoʻling ostidadir.
92Agar qonuning men uchun lazzat boʻlmasaydi,
Tortgan gʻamu kulfatlarimdan tamom boʻlardim.
93Men buyruqlaringni hech qachon unutmayman,
Bular orqali Sen hayotimni saqlagansan.
94Men Senikidirman, meni qutqargin,
Zotan, men buyruqlaringni bajarishga intilganman.
95Fosiqlar meni oʻldirishga payt poylaydi,
Men esa shartlaring haqida chuqur fikr yuritaman.
96Jamiki komillikning cheklanganini koʻrdim,
Sening amrlaring esa chegarasizdir.

97O, naqadar sevaman qonuningni!
Kun boʻyi xayolimda tutaman uni.
98Amrlaring meni gʻanimlarimdan koʻproq dono qildi,
Amrlaring doimo men bilan birga.
99Barcha ustozlarimdan ham ziyrakroq boʻldim,
Sening shartlaring ustida fikr yuritaman.
100Yoshi ulugʻlardan ham donoroq boʻldim,
Chunki Sening buyruqlaringga itoat etaman.
101Har qanday yomon yoʻldan qadamimni tiydim,
Toki Sening kalomingga itoat etay dedim.
102Qoidalaringdan men qaytmadim,
Menga Oʻzing taʼlim bergansan.
103Soʻzlaring men uchun naqadar mazalidir,
Asaldan ham shirin tuyular ogʻzimga.
104Buyruqlaring tufayli men dono boʻlaman,
Har qanday yolgʻon yoʻldan nafratlanaman.

105Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir,
Yoʻlimga nur sochadigan yorugʻlikdir.
106Adolatli qoidalaringni bajaraman, deb
Ont ichdim va bu ontimga vafo qilaman.
107Ey Egam, men koʻp jafo chekdim,
Vaʼdangga koʻra, hayotimni saqla.
108Ey Egam, maqtov nazrlarimni qabul etgin,
Menga qoidalaringni oʻrgatgin.
109Hayotim har on xavfda boʻlsa ham,
Sening qonuningni men unutmayman.
110Fosiqlar menga tuzoq qoʻydilar,
Shunda ham buyruqlaringdan ogʻib ketmadim.
111Sening shartlaring to abad mening mulkimdir,
Shartlaring qalbimning quvonchidir.
112Farmonlaringni to abad ijro etmoqqa
Yuragimni moyil qildim.

113Ikkiyuzlamachilardan men nafratlanaman,
Sening qonuningni sevaman.
114Sen mening panohimsan, qalqonimsan,
Sening kalomingga umid bogʻlayman.
115“Ey badkirdorlar, yoʻqoling koʻz oldimdan,
Men Xudoyimning amrlarini bajaray”, deb aytaman.
116Vaʼdangga koʻra, menga tayanch boʻl, toki yashayin,
Umidim puchga chiqmasin, sharmanda boʻlmayin.
117Suyanchiq boʻl menga, toki najot topayin,
Farmonlaringga doim diqqat bilan boqayin.
118Farmonlaringdan toyganlarni rad etding,
Ularning hiylayu nayranglari behudadir.
119Yer yuzidagi jamiki fosiqlarni
Axlatday uloqtirib tashlaysan,
Shu bois men shartlaringni sevaman.
120Sendan qoʻrqqanimdan vujudim titraydi,
Hukmlaringdan meni vahima bosadi.

121Adolatli, toʻgʻri ishlar qilganman,
Meni zolimlar qoʻlida qoldirma.
122Men, qulingning baxtiga kafolat bergin,
Takabburlar meni ezishlariga yoʻl qoʻymagin.
123Najotingni kutaverib, koʻzim toʻrt boʻldi,
Vaʼda qilgan najoting armonida koʻzim nuri toʻkildi.
124Men, Oʻz qulingga sodiq sevgingni koʻrsatgin,
Farmonlaringni menga oʻrgatgin.
125Sening qulingman, menga idrok bergin,
Toki men shartlaringni bilib olayin.
126Ey Egam, vaqti keldi, Oʻz ishingni qil,
Sening qonuning buzildi.
127Chindan ham Sening amrlaringni
Oltindan, eng sof oltindan ham koʻproq sevaman.
128Sening buyruqlaringga koʻra, qadam bosaman,
Har qanday yolgʻon yoʻldan nafratlanaman.

129Sening shartlaring ajoyibdir,
Shu bois ularga itoat etaman.
130Kalomingning taʼlimoti ziyo sochadi,
Soddalarga aql–idrok beradi.
131Ogʻzim ochilib, ogʻir nafas olaman,
Chunki Sening amrlaringga juda intilaman.
132Men tomon yuz bur, menga shafqat qilgin,
Axir, Seni sevganlarga doim shafqat koʻrsatasan.
133Soʻzingga koʻra, qadamimni Oʻzing boshqargin,
Hech qachon ustimdan gunoh hukmron boʻlmasin.
134Inson zulmidan meni qutqargin,
Toki Sening buyruqlaringga itoat etayin.
135Jamoling menga nurlarini sochsin,
Farmonlaringni menga oʻrgatgin.
136Koʻzlarimdan yoshlar daryo boʻlib quyilar,
Axir, odamlar qonuningga rioya qilmayapti.

137Sen odilsan, ey Egam,
Hukmlaring adolatlidir.
138Adolat ila shartlaringni buyurgansan,
Tamomila ishonchlidir shartlaring.
139Gʻazabim meni ado qilmoqda,
Dushmanlarim kalomingni rad etmoqda.
140Vaʼdalaring naqadar sofdir!
Men vaʼdalaringni naqadar sevaman!
141Men keraksizman, xoʻrlanganman,
Buyruqlaringni unutmayman.
142Sening adolating mangudir,
Sening qonuning haqiqatdir.
143Boshimga kulfatu azob keldi,
Amrlaring menga zavq berar.
144Shartlaring to abad adolatlidir,
Idrok bergin menga, toki yashayin.

145Ey Egam, chin koʻngildan yolvoraman, javob ber,
Farmonlaringga rioya qilaman.
146Senga faryod qilaman, meni qutqargin,
Toki shartlaringga men rioya qilay.
147Kun chiqmasdan Sendan madad soʻrab faryod qilaman,
Sening kalomingga men umid bogʻlayman.
148Sening vaʼdangni chuqur anglay deb,
Koʻzlarimga tun boʻyi uyqu kelmaydi.
149Sodiq sevgingga koʻra, ovozimni eshitgin,
Ey Egam, adolating bilan hayotimni saqlagin.
150Qabih reja tuzadiganlar yaqin kelmoqda,
Ular qonuningdan uzoqda yuradi.
151Sen esa, ey Egam, yonimdasan,
Hamma amrlaring haqiqatdir.
152Qonuningni Sen mangu barqaror qilgansan,
Yoshligimdan buni men bilaman.

153Azoblarimga qaragin, meni qutqargin,
Axir, men Sening qonuningni unutmadim.
154Mening daʼvoimni isbot qil, meni qutqar,
Vaʼdangga koʻra, hayotimni saqla.
155Fosiqdan najot uzoqdadir,
Sening farmonlaringni ular izlamaslar.
156Ey Egam, shafqating buyukdir,
Adolating bilan hayotimni saqla.
157Meni taʼqib qiluvchi dushmanlarim koʻp,
Men shartlaringdan yuz oʻgirmayman.
158Makkorlarga nafrat ila qarayman,
Ular Sening amrlaringga rioya qilmaydi.
159Qaragin, naqadar sevaman buyruqlaringni,
Sodiq sevgingga koʻra, saqlagin hayotimni.
160Kaloming mohiyati haqiqatdir,
Adolatli qoidalaring to abad davom etadi.

161Hukmdorlar meni sababsiz taʼqib qilar,
Yuragim kalomingdan qoʻrqib titrab turar.
162Xuddi ulkan xazina topgan odamday,
Sening soʻzingdan shod boʻlaman.
163Yolgʻondan nafratlanib, jirkanaman,
Sening qonuningni esa sevaman.
164Sening adolatli qoidalaring tufayli
Yetti marta kuniga Seni madh qilaman.
165Qonuningni sevganlar buyuk tinchlikka ega boʻlar,
Hech narsa ularga toʻsiq boʻla olmaydi.
166Ey Egam, men najotingga umid qilaman,
Men Sening amrlaringni bajaraman.
167Shartlaringga itoat etaman,
Men ularni gʻoyatda sevaman.
168Buyruq, shartlaringga rioya qilaman,
Hamma yoʻllarim Senga maʼlumdir.

169Ey Egam, ohu nolam yetsin Senga,
Kalomingga koʻra, menga idrok bergin.
170Iltijoim yetib borsin Senga,
Bergan vaʼdangga koʻra, meni qutqargin.
171Lablarimdan hamdu sano toʻlib–toshsin,
Menga oʻrgatasan farmonlaringni.
172Tilim kuylaydi Sening vaʼdangni,
Zotan, adolatlidir barcha amrlaring.
173Menga yordamga tayyor turgin,
Zotan, tanlaganman men buyruqlaringni.
174Ey Egam, najotingga talpinaman,
Sening qonuningdan lazzat topaman.
175Umr ber menga, hamdu sano aytayin Senga,
Qoidalaring yordam bersin menga.
176Adashgan qoʻyday yoʻldan ozganman,
Izlab top meni, Oʻz qulingni.
Zotan, men amrlaringni unutmaganman.
Copyright information for UznUzbL