‏ Psalms 63

1Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi.
2Ey Xudo, ovozimni eshitgin iltijo qilganimda,
Hayotimni dushman vahimasidan qutqargin.
3Fosiqning fitnasidan meni yashirgin,
Badkirdorlar toʻdasidan himoya qilgin.
4Ular tillarini shamshirday qayraydi,
Nishonga olib, zaharli soʻzlarini oʻqday otadi.
5Aybsiz odamni pistirmadan turib otadi,
Hech qoʻrqmay, birdaniga unga oʻq uzadi.
6Bir–birining qabih rejalarin qoʻllab–quvvatlaydi,
Yashirincha tuzoq qoʻyishga til biriktiradi,
“Buni kim ham koʻrardi”, deb oʻylaydi.
7Ular adolatsizlikni qasd qiladi:
“Ajoyib reja tuzdik,
Niyatimizni hech kim bilmaydi”, deb aytadi.

8Xudo esa fosiqlarga oʻq uzadi,
Toʻsatdan ular yaralanadi.
9Ularning tili oʻzlarining boshini yeydi,
Ularni koʻrganlar qaltirab ketadi.
10Jamiki odamzod qoʻrqib qoladi,
Xudoning ishlarini ular eʼlon qiladi,
Xudoning qilganlari haqida oʻylab koʻradi.

11Solihlar Egamiz tufayli sevinsin!
Solihlar Unda panoh topsin,
Hamma pokdil insonlar Uni madh etsin.
Copyright information for UznUzbL