‏ Revelation of John 10

Farishta va kichkina oʻrama qogʻoz

1Men samodan tushayotgan boshqa kuchli bir farishtani koʻrdim. U bulutga burkangan edi. Uning boshi uzra kamalak bor edi. Yuzi quyoshday porlar, oyoqlari olov ustunlariday lovullab turar edi. 2Uning qoʻlida kichkinagina ochilgan oʻrama qogʻoz
oʻrama qogʻoz — 5:1 izohiga qarang.
bor edi. U oʻng oyogʻini dengiz ustiga, chap oyogʻini yer yuziga qoʻyganicha,
3sher oʻkirganday qattiq hayqirdi. U hayqirganda yetti momaqaldiroq ham tilga kirib, gulduros ovoz bilan gapira boshladi. 4Yetti momaqaldiroq gapirganda, men ularning gaplarini yozmoqchi boʻldim. Lekin samodan bir ovoz shunday dedi:

— Yetti momaqaldiroqning gaplarini yozma, ularni sir saqla!

5Dengiz va yer yuzida turgan, men koʻrgan farishta oʻng qoʻlini osmonga koʻtardi. 6 7U to abad barhayot Xudo haqi ont ichdi. Yeru osmonni, dengiz va ularni toʻldirgan jamiki jonivorlarni yaratgan Xudo haqi ont ichib, shunday dedi:

— Xudo paygʻambar qullariga Oʻzining sir tutgan rejasini maʼlum qilgandi. Yettinchi farishta karnay chalganda, Xudo oʻsha rejasini amalga oshiradi. Endi kechiktirmaydi.

8Samodan kelgan ovoz menga yana dedi:

— Bor, dengiz va yer ustida turgan farishtaning qoʻlidan ochiq oʻrama qogʻozni ol.

9Men farishtaning yoniga borib:

— Oʻrama qogʻozni menga bering, — dedim. Farishta menga dedi:

— Mana, ol! Uni yegin! U ichingni achitib yuboradi, ogʻzingga esa asalday shirin taʼm beradi.

10Men oʻrama qogʻozni farishtaning qoʻlidan olib yedim. U ogʻzimda asaldek shirin edi. Ammo uni yutganimdan keyin ichim achishib ketdi.

11Soʻng menga shunday deb aytishdi:

— Sen yana koʻp elatlar haqida, xalqlar, millatlaru shohlar haqida bashorat qilishing kerak.
Copyright information for UznUzbL