‏ Revelation of John 12

Tuqqan ayol va ajdarho

1Osmonda ajoyib bir alomat roʻy berdi: quyoshga burkangan bir ayol paydo boʻldi. Uning oyoqlari ostida oy va boshida oʻn ikki yulduzli toj bor edi. 2Ayol homilador boʻlib, uni toʻlgʻoq tutar, dard bilan baqirar edi.

3Soʻngra osmonda boshqa bir alomat koʻrindi: yetti boshli, oʻnta shoxli ulkan qizil ajdarho paydo boʻldi. Uning har bir boshida bittadan toji bor edi. 4U dumi bilan osmondagi yulduzlarning uchdan bir qismini sudrab, yerga uloqtirdi. Ajdarho toʻlgʻoq tutgan ayolning oldiga turib oldi. Chaqaloq tugʻilishi bilanoq ajdarho uni yutib yubormoqchi edi. 5Ayol oʻgʻil koʻrdi. Kelajakda barcha xalqlarni temir xivchin bilan boshqaradigan
…barcha xalqlarni temir xivchin bilan boshqaradigan… — Zabur 2:9 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
bu oʻgʻlon darhol olib ketildi. U Xudoning huzuriga, taxtga keltirildi.
6Ayol esa choʻlga qochib bordi. U yerda 1260 kun davomida ayolga gʻamxoʻrlik qilishsin deb, Xudo maxsus joy hozirlab qoʻygan edi.

7Shundan keyin samoda jang boshlandi. Mikoyil
Mikoyil — bosh farishtalardan biri. Doniyor 10:12-13, 20-21, 12:1 ga qarang.
va uning farishtalari ajdarhoga qarshi chiqishdi. Ajdarho ham oʻzining farishtalari bilan Mikoyilga qarshi jang qildi.
8Ammo ajdarho talafot koʻrdi. Unga va uning farishtalariga endi samoda joy yoʻq edi. 9Ulkan ajdarho yerga uloqtirildi. Butun dunyoni aldagan bu almisoq ilon iblis va shayton deb atalgan. U oʻz farishtalari bilan yerga uloqtirildi.

10Shunda men samodan baland ovozda aytilgan bu soʻzlarni eshitdim:

“Xudoyimiz najotu qudratini ayon qildi,
Mana, Uning Shohligi keldi.
Xudoning Masihi hokimiyati oʻrnatildi.
Axir, birodarlarimizning tuhmatchisi yerga uloqtirildi,
Ha, Xudoyimiz huzurida kecha–kunduz
Ularga tuhmat qilayotgan iblis pastga otildi.
11Ular Qoʻzining qoni tufayli,
Oʻzlarining shahodat soʻzi tufayli iblisni yengdilar.
Hatto oʻlim xavfi ostida boʻlganlarida jonlarini ayamadilar.
12Ey osmonu falak, xursand boʻl!
Unda yashovchilar, shodlaning!
Ammo, ey yeru dengiz, sizning holingizga voy!
Zero, iblis oldingizga tushdi.
Vaqti oz qolganini bilib, u qahru gʻazabga mindi.”

13Ajdarho oʻzining yer yuziga uloqtirilganini anglagach, oʻgʻil bola tuqqan ayolni taʼqib qila boshladi. 14Ayol oʻsha ilondan qocha olishi uchun unga katta burgutning ikki qanoti berildi. U sahroga — uch yarim yil
uch yarim yil — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi bir muddat, muddatlar va yarim muddat (baʼzan muddat soʻzi bir yilga nisbatan ishlatilgan). Uch yarim yil 1260 kunga toʻgʻri keladi (shu bobning 6–oyatiga qarang).
davomida unga gʻamxoʻrlik qilinadigan joyga qochib borishi kerak edi.
15Ilon esa, uni sel oqizib ketsin deb, ogʻzini ochdi–da, ayolning ketidan daryoday suv oqizdi. 16Ammo yer ayolga yordam berdi. Yer dahanini ochib, ajdarho oqizgan daryoni yutib yubordi. 17Ajdarho ayoldan qattiq gʻazablandi. U ayolning boshqa farzandlari bilan jang qilgani chiqdi. Ayolning farzandlari — Xudoning amriga itoat qilgan va Isoning shahodatiga sodiq qolgan odamlardir.
Copyright information for UznUzbL