‏ Revelation of John 14

Qoʻzi va 144.000 kishi

1Men Sion togʻida
Sion togʻi — Quddusdagi Maʼbad qurilgan tepalik Sion togʻi deb atalgan. Eski Ahddagi sheʼriy parchalarda va paygʻambarlar bitiklarida Sion soʻzi koʻpincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang.
Qoʻzining turganini koʻrdim. Qoʻzi bilan birga 144.000 kishi bor edi. Ularning peshanalariga Qoʻzining va Otasi Xudoning ismi yozilgandi.
2Shunda men samodan bir tovush eshitdim. Bu tovush dengizning shovullashiday, gumburlagan momaqaldiroq tovushiday edi. U xuddi arfa chalayotgan cholgʻuchilarning kuyiga oʻxshardi. 3Oʻsha 144.000 kishi taxt oldida, toʻrtta jonli mavjudot va oqsoqollar oldida yangi bir qoʻshiq kuylayotgan edilar. Dunyodan qutqarib olingan bu 144.000 kishidan boshqa hech kim bu qoʻshiqni oʻrgana olmas edi. 4Bu odamlar bulgʻanmaganlar, bokira qizlarday oʻzlarini pok saqlaganlar
…bokira qizlarday oʻzlarini pok saqlaganlar — majoziy maʼnoni ifodalab, ular Xudoga sodiq ekanliklarini, boshqa hech kimga va hech narsaga sajda qilmaganlarini koʻrsatadi.
. Qoʻzi qayerga borsa, Uning orqasidan ergashganlar. Insonlar orasidan qutqarib olingan bu odamlar ilk hosil singari, Xudo va Qoʻziga nazr qilinganlar.
5Ularning tilida yolgʻon–makr yoʻq, ular benuqsondirlar
…ular benuqsondirlar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Xudoning taxti oldida ular benuqsondirlar.
.

Uch farishtaning xabari

6Shundan keyin boshim uzra uchib borayotgan bir farishtani koʻrdim. Bu farishta yer yuzida yashovchi har bir xalq va qabilaga, har qanday millatu elatga abadiy Xushxabarni eʼlon qilayotgan edi. 7U baland ovozda shunday dedi:

“Xudodan qoʻrqing, Uni ulugʻlang!
U xalqlarni hukm qiladigan vaqt keldi.
Yeru osmonni, dengizu buloqlarni Yaratganga sajda qiling!”

8Uning ketidan ikkinchi farishta uchib kelib, shunday dedi:

“Vayron boʻldi!
Buyuk Bobil shahri
Bobil shahri — Eski Ahd davrida jahondagi eng qudratli imperiyaning poytaxti boʻlgan. Bu shahar magʻrurligi (Doniyor 4:27 ga qarang) va axloqsizligi bilan nom chiqargan edi. U Xudoning xalqiga dushman boʻlgan (miloddan oldingi 586 yilda Bobil shohi Navuxadnazar Quddusni vayron qilib, aholining asosiy qismini Bobilga surgun qilgan, 4 Shohlar 25:1-21 ga qarang). Ushbu kitob yozilgan paytda imonlilar Bobil nomini baʼzan Rimga nisbatan ishlatar edilar. Rim oʻsha davrda hukmron boʻlgan imperiyaning poytaxti boʻlib, butparastlik va axloqsizlik oʻchogʻi edi. Vahiy kitobida Bobil nomi Masih va Uning Shohligiga qarshi chiqqan dushmanlarining timsoli boʻlib, hozirgi paytda shaytonning hukmronligi ostida boʻlgan bu dunyoni bildiradi. Yana 17:1-6, 19:2 ga qarang.
vayron boʻldi!
Bobil shahvoniy hirsi sharobidan
Hamma xalqlarga ichirgandi.”

9Ularning ketidan uchinchi farishta uchib kelib, baland ovozda shunday dedi:

— Kimki maxluqqa va uning tasviriga sajda qilib, peshanasi yoki qoʻliga tamgʻa qabul qilsa,
10u Xudoning gʻazab sharobidan ichadi. Qahr kosasiga quyilgan bu sharob nihoyatda kuchlidir. Bunday odamlar muqaddas farishtalar va Qoʻzi oldida yonayotgan oltingugurt ichida azob chekadilar. 11Azoblarining tutuni abadulabad burqirab turadi. Maxluq va uning tasviriga sajda qilib, maxluq nomli tamgʻani qabul qilganlar kechayu kunduz tinchlik bilmaydilar. 12Bunday vaziyatda Xudoning amrlariga itoat qilgan va Isoga sodiq qolgan Xudoning azizlaridan sabr–toqat talab qilinadi.

13Shunda men samodan bir ovoz eshitdim. U menga dedi:

— Shunday deb yoz: bundan buyon Rabbimiz Isoga umid bogʻlab, olamdan koʻz yumganlar baxtlidir!

— Ha, — deydi Ruh, — ular qilgan ogʻir mehnatidan dam olsinlar, mehnatining rohatini koʻrsinlar.

Yerning hosili oʻriladi

14Shundan keyin men bir oq bulutni koʻrdim. Bulut ustida inson qiyofasidagi bir Zot
inson qiyofasidagi bir Zot — Iso Masihga ishora. Doniyor 7:13-14 ga qarang.
oʻtirgandi. Uning boshida oltin toj, qoʻlida oʻtkir oʻroq bor edi.
15Keyin Maʼbaddan bir farishta chiqdi. U bulut ustida oʻtirgan Zotga baland ovozda shunday dedi: “Oʻrogʻingizni ishga soling, chunki oʻrim–yigʻim vaqti keldi. Mana, yerning hosili yetildi.” 16Bulut ustida oʻtirgan Zot yerga oʻroq soldi, yerning hosili oʻrildi.

17Samodagi Maʼbaddan boshqa bir farishta chiqdi. Uning ham oʻtkir oʻrogʻi bor edi. 18Soʻng qurbongoh oldidan yana boshqa bir farishta keldi. U qurbongohdagi olov uchun masʼul edi. U oʻtkir oʻroqli farishtaga baland ovozda xitob qildi: “Oʻtkir oʻrogʻingni ishga sol. Yerdagi uzum boshlarini yigʻ. Axir, uzum pishib boʻldi.”

19Farishta oʻrogʻini yerga soldi. Yerdagi uzum boshlarini yigʻib, Xudoning uzum siqadigan katta qahr–gʻazabi chuquriga
chuqur — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga oʻyilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat oʻsha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi. Uzum ezish Muqaddas Kitobda koʻpincha Xudoning odamlar ustidan chiqaradigan hukmiga nisbatan koʻchma maʼnoda ishlatilgan.
uloqtirdi.
20Shahar tashqarisidagi oʻsha chuqurda uzumlarni eza boshlashdi. Chuqurdan qon daryo boʻlib oqib chiqdi. Bu qonli daryo 1600 oʻq otimi
1600 oʻq otimi — yunoncha matnda 1600 stadion, taxminan 300 kilometrga toʻgʻri keladi. Chamasi, 1600 soni ramziy maʼnoda ishlatilgan boʻlib, Xudoning hukmi dunyoning toʻrt burchiga yetib borishini koʻrsatadi.
masofaga oqib bordi, u shunchalik chuqur ediki, deyarli otni koʻmib yuborar edi.
Copyright information for UznUzbL