Revelation of John 4
Samodagi sajda
1Shundan keyin men osmonda lang ochiq bir eshikni koʻrdim. Ilgari menga gapirgan karnay sadosiga oʻxshash oʻsha ovoz yana eshitildi. U shunday dedi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga koʻrsataman.” 2Shu payt Muqaddas Ruh meni qamrab oldi. Men samoda turgan bir taxtni koʻrdim, unda bir Zot oʻtirar edi. 3Oʻtirgan Zotning qiyofasi qimmatbaho yashma va laʼl toshlariday yarqirardi. Taxt atrofida zumrad tusidagi kamalak jilvalanardi. 4Taxtning tevaragida yana yigirma toʻrtta taxt turardi. Bu taxtlarda oq kiyim kiygan, boshlarida oltin tojlari boʻlgan yigirma toʻrt nafar oqsoqol oʻtirar edi. 5Taxtdan chaqmoq chaqardi, momaqaldiroqning gulduros sadosi kelardi. Taxt oldida Xudoning yetti ruhi boʻlgan yettita mashʼala yonib turardi. 6Taxtning oldida oyna singari dengizga oʻxshash, billurday tiniq bir narsa bor edi. Taxtning atrofida toʻrtta jonli mavjudot turar edi, ularning oldi va orqasi koʻzlar bilan qoplangan edi. 7Birinchi mavjudot sherga, ikkinchisi buqaga oʻxshar edi, uchinchi mavjudotning yuzi odamning yuziga, toʻrtinchisi esa uchayotgan burgutga oʻxshar edi. 8Bu toʻrtta mavjudotning har birida oltitadan qanot bor edi. Ularning hamma yogʻi koʻzlar bilan qoplangan edi, hatto qanotlarining tagida ham koʻzlari bor edi. Ular kechayu kunduz tinmay shunday soʻzlarni takrorlar edilar:“Muqaddasdir, muqaddasdir,Muqaddasdir Qodir Xudo — Egamiz.
U bor boʻlgan, hozir ham bor,
Kelajakda ham bor boʻlar!”
9Mavjudotlar taxtda Oʻtirganni, to abad barhayot Zotni ulugʻlashardi, izzat–ikrom koʻrsatib, shukronalar aytishardi. 10Shunda yigirma toʻrt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Zot oldida yerga muk tushib, sajda qilishardi. Tojlarini taxt oldiga qoʻyib, shunday deyishardi: 11“Yo Egamiz, yo Xudoyimiz!
Sen qudratlisan!
Ulugʻvorligu izzatga Sen loyiqsan!
Zero, butun borliqni Sen yaratgansan,
Hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi, yaratildi.”
Copyright information for
UznUzbL