‏ Romans 12

Hayotni Xudoga bagʻishlab yashash

1Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman. Oʻz tanangizni tirik, muqaddas va Xudoga manzur boʻladigan qurbonlik sifatida bagʻishlang. Xudoga loyiq boʻlgan asl xizmat mana shudir. 2Bu dunyoga moslashmanglar, fikr–zikringizni yangilab, tubdan oʻzgaringlar. Shunda Xudoning irodasini tushuna oladigan boʻlasiz, yaʼni nima yaxshi, Xudoga manzur va mukammal ekanligini bila oladigan boʻlasiz.

3Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarga aytyapman: oʻzingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar. Aksincha, Xudo har bir kishiga qancha imon bergan boʻlsa, shunga koʻra, fikr qilib, aqli raso odamlar boʻlinglar. 4Axir, tanamiz bir boʻlsa–da, tanamiz aʼzolari koʻp, tanamiz aʼzolarining vazifasi ham bir xil emas. 5Shunga oʻxshab, biz — Masihga tegishli boʻlganlar bir tanani tashkil qilamiz. Har birimiz har xil aʼzolar boʻlib, bir–birimizga bogʻliqmiz. 6Bizga berilgan inoyat boʻyicha har birimizning har xil inʼomlarimiz bor. Agar birortasida Xudoning soʻzini boshqalarga yetkazish inʼomi boʻlsa, u eʼtiqodimizga muvofiq ravishda gapirsin. 7Agar birorta odamga xizmat qilish inʼomi berilgan boʻlsa, u xizmat qilsin, agar birortasiga muallimlik inʼomi berilgan boʻlsa, u taʼlim bersin. 8Agar insonga dalda berish inʼomi berilgan boʻlsa, u dalda bersin, begʻaraz yordam beradigan boʻlsa, saxiylik bilan bersin. Yetakchilik qiladigan odam qunt bilan yetakchilik qilsin, mehr–shafqat koʻrsatadigan odam xursandchilik bilan ish tutsin.

9Bir–biringizga boʻlgan mehr–muhabbatingiz samimiy boʻlsin. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni mahkam tuting. 10Bir–biringizni birodarlarcha, chuqur muhabbat bilan yaxshi koʻring. Bir–biringizni hurmat qilib, oʻzingizdan yuqori koʻring. 11Gʻayratingiz susaymasin, butun qalbingiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qiling. 12Umidingiz borligi uchun xursand boʻling. Qiyinchilikda sabr–toqat qiling. Ibodat qilishdan charchamang. 13Muhtojlikda boʻlgan Xudoning azizlariga yordam bering, doimo mehmondoʻst boʻling.

14Sizlarni quvgʻin qilayotganlarni duo qilinglar, ularni qargʻamanglar. 15Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yigʻlayotganlar bilan birga yigʻlanglar. 16Oʻzaro hamfikr boʻlinglar. Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan doʻst boʻlinglar. Oʻzbilarmonlik qilmanglar. 17Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar, odamlar yaxshilik deb bilganlarni qilishga intilinglar. 18Agar iloji boʻlsa, qoʻlingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch–totuv hayot kechiringlar. 19Azizlarim, oʻzingiz uchun oʻzingiz qasos olmang, balki Xudoning gʻazabiga yoʻl qoʻyib bering. Axir, Muqaddas bitiklarda Egamiz shunday deb aytgan–ku: “Men Oʻzim qasos va oʻch olaman.”
Qonunlar 32:35 ga qarang.
20Muqaddas bitiklarda yozilganiday qiling:

“Dushmaning och boʻlsa, ovqat ber,
Chanqagan boʻlsa, suv ichir.
Shunda uning boshiga yonayotgan choʻgʻ yiqqanday boʻlasan.”
Hikmatlar 25:21-22 ga qarang.

21Yomonlik sizni magʻlub qilmasin, aksincha, siz yomonlikni yaxshilik bilan magʻlub eting.
Copyright information for UznUzbL