‏ Romans 13

Hokimiyatga boʻysunish haqida

1Har bir inson oʻzining ustidan hukmron boʻlgan hokimiyatga boʻysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yoʻq, mavjud boʻlgan har bir hokimiyatni esa Xudo tayin etgan. 2Shuning uchun hokimiyatga qarshilik koʻrsatgan odam Xudo oʻrnatgan tartibga qarshi chiqqan boʻladi. Qarshilik qiluvchilar esa oʻzlarini oʻzlari hukmga duchor qiladilar. 3Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar hukmronlardan qoʻrqishlari kerak. Hokimiyatdan qoʻrqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor boʻlasan. 4Chunki boshliqlar odamlarning manfaati uchun Xudoning xizmatidadirlar. Yomon ish qilayotgan boʻlsang, qoʻrqqin, chunki jazo berish qudrati boshliqlarga bekorga berilmagan. Ular Xudoning xizmatkorlari boʻlib, yomonlik qiluvchilarga jazo beradilar, Xudoning gʻazabini amalga oshiradilar. 5Shuning uchun faqatgina gʻazabga duchor boʻlmaslik niyatida emas, balki vijdon haqi ham boshliqlarga boʻysunish kerak. 6Mana shu sababdan soliq ham toʻlash lozim. Chunki amaldorlar oʻz vazifalarini bajarib, Xudoga xizmat qiladilar. 7Ularga nima tegishli boʻlsa, shuni bering: soliq yigʻuvchiga — soliq, boj oluvchiga — boj, obroʻga loyiq boʻlganga — obroʻ, hurmatu ehtiromga loyiq boʻlganga — hurmat–ehtirom.

Masihga ishonganlarga xos xatti–harakat

8Hech kimdan hech narsa qarzdor boʻlmanglar. Faqat mehr–muhabbatni ham farz, ham qarz deb bilinglar, chunki oʻzgani yaxshi koʻrgan odam Xudoning qonunini bajargan boʻladi. 9Axir, “Zino qilmang”, “Qotillik qilmang”, “Oʻgʻrilik qilmang”
Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida shu jumladan keyin quyidagi amr qoʻshimcha qilingan: “Yolgʻon guvohlik bermang”. Chiqish 20:16 ga qarang.
, “Birovlarning mulkiga koʻz olaytirmang”
Chiqish 20:13-15, 17 ga qarang.
degan va qolgan hamma amrlar quyidagi bitta amrda mujassam–ku: “Oʻzgani oʻzingizni sevganday seving.”
Levilar 19:18 ga qarang.
10Chunki oʻzgani yaxshi koʻrgan odam unga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, boshqalarni yaxshi koʻrish Xudoning qonunini toʻliq bajarish bilan barobardir.

11Hozirgi vaqtni gʻanimat deb bilinglar. Mana, uyqudan uygʻonadigan paytingiz yetib keldi. Biz imon keltirgan paytdagidan koʻra, hozirgi vaqtda najotimizning toʻliq roʻyobga chiqishi yaqinroqdir. 12Tun oʻtib ketib, kunduz yaqinlashib qoldi. Shuning uchun qorongʻilik ishlaridan voz kechaylik, nurga loyiq ishlarni qilishga bop boʻlgan qurol–aslahalarni taqib olaylik. 13Shahvatparastlik va fisq–fujurga berilmaylik, janjalkashlik va hasadgoʻylik qilmaylik, aysh–ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik. 14Rabbimiz Iso Masihga burkaninglar va bashariy tabiatingizning ehtiroslarini qondirishni hatto xayolingizga ham keltirmanglar.
Copyright information for UznUzbL